Valyuta kurslari 29/05/2025
$1 – 12831.13
UZS – -0,43%
€1 – 14542.80
UZS – -0,56%
₽1 – 161.07
UZS – 0,12%
Qidirish
Texnologiyalar 21/05/2025 Tojikiston Respublikasi hukumati aloqa xizmati bilan raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi

Tojikiston Respublikasi hukumati aloqa xizmati bilan raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Tojikiston Respublikasi Hukumatining Aloqa xizmati Aloqa xizmati boshlig‘i Isfandiyori Sa’dullo boshchiligidagi delegatsiyasi 2025-yil 20-may kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan'ga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida dastlab delegatsiyaga IT Park Uzbekistan va Raqamli texnologiyalar vazirligida amalga oshirilayotgan islohotlar, asosiy yo‘nalishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida taqdimot qilindi.

Shuningdek, delegatsiya IT mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan Ustudy IT akademiyasi faoliyati, muhim infratuzilmalarning kiberxavfsizligini ta’minlashga qaratilgan innovatsion loyihalar markazi — UZSOC hamda Yagona integrator UZINFOCOMda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi. Xususan, sun’iy intellekt va raqamli yechimlar sohasidagi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrifning asosiy qismida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Tojikiston Respublikasi Hukumatining Aloqa xizmati Aloqa xizmati boshlig‘i Isfandiyori Sa’dullo boshchiligidagi delegatsiyasi o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, mavjud muammolarni bartaraf etish va yangi tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashdilar.

Muhokama qilingan masalalar orasida “Tojiktelekom” bilan o‘zaro hamkorlikdagi mavjud masalalar, transchegaraviy telekommunikatsiya xizmatlarini yanada yaxshilash va chiqish trafikini uzatishdagi masalalar o‘rin oldi. 

Tomonlar bu borada muntazam axborot almashinuvi va texnik ekspertlar ishtirokida ishchi guruhlar tuzish orqali masalalarni bosqichma-bosqich hal etishga kelishib oldilar.

Shuningdek, Tojikiston bozorida O‘zbekiston IT-kompaniyalari xizmatlarini kengaytirish, eksport hajmini oshirish va ikki mamlakatning texnoparklari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ko‘rib chiqildi. IT Park Uzbekiston rezidentlari xizmatlarini Tojikistonda targ‘ib qilish, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlariga qo‘shma loyihalarni kiritish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.

Uchrashuvda Tojikistonlik startaplar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, investitsiyalarni jalb etish va ularni xalqaro platformalarga olib chiqish borasida ham o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar Tojikiston startaplarini O‘zbekistonda o‘tkaziladigan akseleratsiya dasturlari va xalqaro forumlarga jalb etish bo‘yicha ham fikrlar bildirildi.

Tomonlar 2025-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan BMT Davlat xizmati forumida va 23-25-sentabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan "ICT Week Uzbekistan" yirik xalqaro tadbirlarda Tojikiston delegatsiyasining ham faol ishtirokini ta’minlashga kelishib oldilar. 

Tomonlar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida raqamli texnologiyalar, telekommunikatsiya va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling
OSZAR »