O‘zbekistonda 2026 yilda OTBning 59-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026-yilning 3-6 may kunlari Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) 59-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilish dunyodagi eng qadimiy doimiy aholi yashab kelgan shaharlardan biri bo‘lgan tarixiy Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2010-yilda Toshkent shahrida OTBning 43-yillik yig‘ilish muvaffaqiyatli o‘tkazilgandan so‘ng O‘zbekiston OTBning yillik yig‘ilishiga ikkinchi marta mezbonlik qilmoqda.
Yillik yig‘ilish OTBga 69 ta aʼzo davlatdan Boshqaruvchilar uchun Osiyo va Tinch okeani mintaqasi oldida turgan rivojlanish masalalari va muammolarni ko‘rib chiqish uchun asosiy imkoniyatdir. Yig‘ilish ishida muntazam ravishda bir necha ming ishtirokchi, jumladan, moliya vazirlari, markaziy bank rahbarlari, yuqori martabali hukumat amaldorlari, xususiy sektor vakillari, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.
“Ishonchim komilki, 2026 yilgi Yillik yig‘ilish muloqot va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash uchun ilhomlantiruvchi platforma bo‘lib xizmat qiladi va mintaqaning ko‘plab o‘ziga xos jihatlarini muhokama qilish uchun imkon yaratadi”, - dedi OTB prezidenti Masato Kanda.
OTB O‘zbekistonning rivojlanish bo‘yicha eng yirik hamkorlaridan biri bo‘lib, so‘nggi besh yil ichida 5,41 milliard AQSH dollardan ortiq mablag‘ ajratgan. OTB O‘zbekiston Hukumati va boshqa manfaatdor tomonlar bilan mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonida yordam berish, xususiy sektor rivojlanishi va raqobatbardoshligini qo‘llab-quvvatlash hamda inson kapitaliga investitsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida yaqindan hamkorlik qiladi.
OTB Osiyo va Tinch okeani mintaqasida inklyuziv va barqaror o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydigan yetakchi ko‘p tomonlama rivojlanish bankidir. OTB murakkab muammolarni birgalikda hal qilish uchun o‘z aʼzolari va hamkorlari bilan ishlar ekan, insonlar hayotini o‘zgartirish, sifatli infratuzilmani barpo etish va sayyoramizni himoya qilish uchun innovatsion moliyaviy vositalar va strategik hamkorliklardan foydalanadi. OTB 1966 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 69 mamlakat aʼzo bo‘lgan. Ularning 50 tasi mintaqada joylashgan.