O‘zbekiston va AECC Gas Turbine zamonaviy gaz turbinalarini joriy etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 22 may kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzot Qosimov Xitoyning gaz turbinali uskunalar ishlab chiqarish sohasida yetakchi kompaniyalaridan biri — AECC Gas Turbine kompaniyasining Markaziy Osiyo va MDH davlatlari bo‘yicha bosh direktori Ma Xualun bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va AECC Gas Turbine o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Suhbatda ayniqsa zamonaviy gaz turbinali texnologiyalarni mahalliy sanoat korxonalarida joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Xitoy tomoni hamkorlikni kengaytirish va mazkur tashabbuslarda faol ishtirok etishga tayyor ekanini bildirgan.
Muzokaralar yakunlarida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash muddatlari va loyihagacha bo‘lgan ishlarni boshlash masalalari kelishib olindi.