O‘zbekiston turizm salohiyati Xitoydagi xalqaro ko‘rgazmada namoyon etilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Xitoyda O‘zbekiston turizm yili” doirasida bo‘lib o‘tayotgan Xitoy Xalq Respublikasining Guanchjou shahridagi GITF (Guangzhou International Travel Fair 2025) xalqaro ko‘rgazmasida yurtimizning boy sayyohlik salohiyati, tarixiy va madaniy yodgorliklari, milliy an’analari hamda urf-odatlari keng namoyish etilmoqda.
GITF-2025 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etayotgan Surxondaryo, Xorazm va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrining turizm tashkilotlari vakillari va turoperatorlari mamlakatimizning turizm salohiyatini namoyish etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, sayyohlar oqimini oshirish va turizm infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan taqdimotlarni o‘tkazdilar.
Yarmarka doirasida O‘zbekiston Respublikasining Guanchjoudagi Bosh konsulligi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvlarda turizm sohasidagi istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, O‘zbekiston pavilonida tashkil etilgan muloqot chog‘ida turizm, madaniy almashinuv va investitsiyaviy yo‘nalishlarda aniq hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish, delegatsiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, turistik loyihalarda o‘zaro ishtirok etish borasida kelishuvlarga erishdilar.
GITF – bu Xitoy janubidagi eng yirik va nufuzli sayyohlik yarmarkasi bo‘lib, har yili o‘n minglab ishtirokchilarni birlashtiradi va xalqaro turizm aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xalqaro ko‘rgazma 17-mayga qadar davom etadi.