Nukusda kasbiy attestat imtihonlaridagi korrupsiya sxemasiga chek qoʻyildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Nukus shahridagi umumtaʼlim maktabi o‘qituvchisi mazkur maktab direktori o‘rinbosarining topshirig‘iga asosan, kasbiy sertifikat olish bo‘yicha sinovlaridan o‘tkazib berish evaziga Chimboy tumanida ishlovchi hamkasbidan 1000 AQSH dollari olgan vaqtida DXX va IJQKD xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, direktor o‘rinbosari 100 nafardan ortiq o‘qituvchilarni davlat attestatsiyasidan o‘tkazib berish evaziga har biridan 1000-1500 AQSH dollari miqdorida pul olib, bu haqida o‘zining shaxsiy bloknotlari va qog‘ozlarda aks ettirib kelganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, ushbu noqonuniy ishga Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Pedagoglarni bilim va malakasini baholashni tashkil etish shoʻbasi bosh metodisti ham aloqadorligi aniqlanib, u o‘qituvchilardan davlat attestatsiyasidan o‘tkazishga yordam berish evaziga yig‘ilgan 10450 AQSH dollarini ixtiyoriy ravishda topshirdi.
Shu bilan birga, o‘qituvchilarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazmasdan, test jarayoniga uyali aloqa vositalari bilan kirishlariga sharoit yaratib bergan Milliy gvardiya xodimining ham o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashganligi maʼlum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, ular pora tariqasida olingan pullarni o‘zaro taqsimlashgan.
Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.