“Farovon oila va barqaror kelajak” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oila jamiyatning muhim bo‘g‘ini. Yurtimizda olib borilayotgan barcha islohotlar oila qadriyatini mustahkamlash, mavjud 10 milliondan ortiq oilalar, shuningdek, kelgusida qurilajak yosh oilalarning totuv va hamjihat yashashini taʼminlashga qaratilgan.
Butun dunyoda BMT Bosh Assambleyasining 1993 yil 20-sentyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 15-may – Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan mamlakatimizda joriy yilning 10 mayidan 10 iyuniga qadar “Farovon oila sari” oyligi o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbir doirasida Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Oila institutini mustahkamlashning dolzarb masalalari: farovon oila va barqaror kelajak” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi oila institutini mustahkamlash, masʼuliyatli ota-onalikni shakllantirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, raqamli texnologiyalar taʼsirida oilaviy munosabatlarni barqarorlashtirish hamda milliy qadriyatlarga asoslangan farovon va barqaror oilalarni shakllantirish bo‘yicha ilmiy, uslubiy va amaliy yondashuvlarni muhokama qilishdan iborat.
Konferensiya ishtirokchilari “Yashil oila” modeli: xorijiy tajriba va milliy yondashuvlar”, “Oilalar farovonligi va kambag‘allikni qisqartirish – demografik barqarorlik hamda ijtimoiy taraqqiyot mezoni sifatida”, “Masʼuliyatli ota-onalik madaniyatini shakllantirish mexanizmlari”, “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorgarlik darajasini oshirishning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va maʼnaviy yechimlari” hamda “Oilada gender tengligini taʼminlash – barqaror rivojlanish kafolati” kabi 5 ta shoʻba yig‘ilishlarida o‘zaro fikr almashdilar.
Konferensiyada 20 ga yaqin xorijiy ekspertlar, 80 dan ortiq oila sohacida faoliyat yuritayotgan olimlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtiroki ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 30 nafar milliy va 12 nafar xorijiy va xalqaro tashkilotlarning ekspert, mutaxassislari o‘z maʼruza va taqdimotlari bilan qatnashadi.
Konferensiya doirasida xorijlik, mahalliy ekspert, olim va soha mutaxassislarining maqolalari jamlandi hamda to‘plam shakllantirildi.
Maʼlumot uchun: Qo‘mita buyurtmasiga muvofiq Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Masʼuliyatli ota-onalik” mezonlari va uni tadbiq etish bo‘yicha 20 dan ortiq turda targ‘ibot materiallari, qo‘llanmalar ishlab chiqildi. Bu boradagi ishlarni yana-da takomillashtirish bo‘yicha 2025 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.
Oilaviy nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha 23 ta ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribalari o‘rganildi hamda mahallada oilaviy mediatsiyani joriy etishni uslubiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida metodik tavsiyalar ishlab chiqildi. “Farovon oila – kelajak poydevori” mavzusida 2 ta innovatsion va 10 ta amaliy loyihalar amalga oshirildi, “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash” veb-platformasi, “Mening oilam” mobil ilovasi, erta turmush va erta tug‘ruq qayd etilgan hududlardagi o‘zgarishlarni elektron tarzda kuzatuv xaritasi va multimedia mahsulotlari yaratildi;
- 5 ta yo‘nalishda 500 ga yaqin maʼnaviy qadriyatlar haqida xabar beruvchi “Oilaviy qadriyatlar majmuasi”ga dunyo mamlakatlaridagi oilaviy qadriyatlar tahlili, infografikalar va foydali resurslar joylashtirildi;
“Oila o‘quv platforma”si – https://oilamalaka.uz sayti ishga tushirildi. Unga oila institutini mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy mavzularda 20 ga yaqin maʼruza matni, prezentatsiya, tarqatma material, 12 ta videodarslar joylashtirildi.
Anjuman yakunlari bo‘yicha, konferensiya ishtirokchilarining taklif va tavsiyalari asosida rasmiy rezolyutsiya qabul qilinishi rejalashtirilgan. Mazkur rezolyutsiya oila institutini yana-da mustahkamlash, sog‘lom va barqaror oila muhitini yaratish, hamda har bir fuqaroning oilaviy hayotida huquqiy, ijtimoiy va maʼnaviy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosatini shakllantirishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.