Valyuta kurslari 26/05/2025
$1 – 12915.90
UZS – 0,09%
€1 – 14658.25
UZS – 0,57%
₽1 – 162.44
UZS – 0,28%
Qidirish
Texnologiyalar 23/05/2025 2025-2027 yillarda ilm-fan va innovatsiya sohasini raqamlashtirish, jarayonlarni optimallashtirish uchun yangi 14 ta axborot tizimi ishlab chiqiladi

2025-2027 yillarda ilm-fan va innovatsiya sohasini raqamlashtirish, jarayonlarni optimallashtirish uchun yangi 14 ta axborot tizimi ishlab chiqiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan “Ilmiy va innovatsion faoliyatni raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida tizimni raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

 “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizda raqamlashtirish siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Ushbu hujjatga muvofiq, ilmiy va innovatsion faoliyatni raqamlashtirish bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilangan. Shunga ko‘ra, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan muvofiqlashtirilayotgan sohani raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, o‘tgan 5 yil davomida Agentlik tizimida ilmiy va innovatsion faoliyatni raqamlashtirish uchun 13 ta axborot tizimi joriy etilib, hozirda ular orqali 90 mingdan ziyod foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.   

Undan tashqari ish yuritish bilan bog‘liq 11 turdagi ichki hujjatlar aylanmasi to‘liq raqamlashtirildi. Raqamli xizmatlar soni 8 taga yetkazildi, shundan 3 tasi yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP), 5 tasi esa tashkilotning tegishli axborot tizimlari orqali ko‘rsatib kelinmoqda. 2024 yilning o‘zida Raqamli hukumat tizimida 39 turdagi maʼlumotlarni uzatish yo‘lga qo‘yildi.

Raqamlashtirilganlik darajasini oshirish maqsadida,
o‘tgan bir yil ichida Agentlik tomonidan 3 ta axborot tizimi sinov rejimida  ishga  tushirildi hamda 2 ta axborot tizimi takomillashtirildi. Xususan, “Akademik harakatchanlik” dasturi    (https://akadem.ilmiy.uz/) platformasi, Xorijiy ilmiy stajirovkalarni tashkil etish yagona elektron tizimi (https://internship.ilmiy.uz/),    Startaplar platformalari (https://startup.ilmiy.uz/) ishga tushirildi hamda Davlat ilmiy dasturlarining yagona elektron platformasida (https://loyiha.ilmiy.uz) va Oliy taʼlimdan keyingi  taʼlimni  muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimlari (https://daraja.ilmiy.uz) takomillashtirildi.

Mazkur axborot tizimlari yordamida arizalarni ko‘rib chiqish ancha soddalashdi, inson omili kamaydi, ishlash vaqti va qog‘ozda chop etiladigan hujjatlar hajmi sezilarli darajada qisqardi. Barcha jarayonlarni onlayn kuzatish, maʼlumotlar tahlili asosida qarorlar qabul qilish imkoni yaratildi.

Davlat ilmiy dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish Agentlik muvofiqlashtiruvidagi asosiy yo‘nalishlardan sanaladi. So‘nggi yillarda mazkur yo‘nalishda eʼlon qilib kelinayotgan tanlovlarga ham arizalar soni keskin oshib bormoqda.  Kelib tushgan arizalarni  reglamentda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishini taʼminlash maqsadida https://loyiha.ilmiy.uz platformasi ishlab chiqildi va bugungi kunda uning foydalanuvchilari soni 10 mingga yaqinni tashkil etmoqda. Yaratilgan qulayliklar sabab 2024 yilda tanlovlarga kelib tushgan arizalar soni 2023 yilga nisbatan 2,5 barobarga oshgan. Shuningdek, Davlat ilmiy dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish yo‘nalishida raqamlashtirish talab etiladigan 43 ta jarayondan hozirgi kunda 30 tasi raqamlashtirildi, shundan 13 ta jarayon inson omilini qisqartirish maqsadida avtomatlashtirildi. 

Eʼtiborli jihati, olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida arizalar soni oshib borishiga qaramay ularni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirishga erishilmoqda. Xususan 2023 yilgacha arizalarni ko‘rib chiqish muddati arizalar kelib tushishidan moliyalashtirilguniga qadar o‘rtacha 8 oydan 14 oygacha davom etgan bo‘lsa, 2024 yilda ushbu muddat 5 oydan 9 oygachani tashkil etdi.  

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni muvofiqlashtirish Agentlikning yana bir asosiy yo‘nalishlaridan sanaladi. Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim izlanuvchilari soni ham yildan yilga sezilari darajada oshib bormoqda. Xususan tadqiqotchilar soni o‘tgan 5 yil ichida 7 barobarga oshib, hozirda ularning soni qariyb 30 mingtaga yetdi. Ularga qulaylik yaratish, vaqt va resurs sarfini kamaytirish maqsadida Oliy taʼlimdan keyingi  taʼlimni  muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi https://daraja.ilmiy.uz joriy etildi. Hozirgi kunda mazkur tizimdan foydalanuvchilar soni 85 ming nafarga yetdi. Oliy taʼlimdan keyingi  taʼlimni  muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi orqali ushbu yo‘nalishda raqamlashtirilishi talab etiladigan 54 ta jarayondan 53 tasi raqamlashtirildi.

Agentlikning boshqa yo‘nalishlari kesimida ham ish hajmi oshishiga qaramay raqamlashtirish orqali ilmiy-innovatsion faoliyat subyektlariga xizmat ko‘rsatish muddatlari qisqartirilishiga erishib kelinmoqda.   

Xususan, arizalarni ko‘rib chiqish muddatlari “Akademik harakatchanlik” dasturida o‘rtacha 3 oyga,  Xorijiy ilmiy stajirovkalarni tashkil dasturida o‘rtacha 2 oyga, Startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash  doirasida eʼlon qilingan tanlovlarda esa o‘rtacha 2 oyga qisqarishiga erishildi.

2025-2027 yillarda Ilm-fan va innovatsiya sohasini raqamlashtirish, jarayonlarni optimallashtirish uchun yangi 14 ta axborot tizimini ishlab chiqish va 3 ta axborot tizimini takomillashtirish maqsad etib belgilangan.

Mazkur Axborot tizimlarining joriy etilishi asosida, ilm-fan va innovatsiya sohasining yagona raqamli ekotizimi hamda faoliyatdagi jarayonlarni  to‘liq qamrab olgan  monitoring tizimi yaratiladi.

Axborot tizimlari soni 2027-yilda 24 taga, raqamli xizmatlar 21 taga (shundan, YAIDXP  da 6 ta, axborot tizimlar orqali 15 ta), foydalanuvchilar qamrovi 140 ming nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling
OSZAR »